Qalblar dardiga darmon
Diana Kempbell
Buxoro biyennalesi badiiy rahbari
Yurak – murakkab organ. Umr bo‘yi urib turar ekan, u doimiy parvarish va e’tiborga muhtoj. Yurak shunchaki qon haydaydigan ichki a’zo emas, u shaxsiyat va mahrumlik markazi sifatida ham xizmat qiladi. Ong, ruh va tanani bog‘lab, moddiy, ma’naviy dunyolar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi. U “tasavvur orqali sirli va mo‘jizaviy narsalarni chuqur anglash va his qilish qobiliyatini yuzaga keltiruvchi” 1 sifatida san’atda muhim rol o‘ynaydi. Ko‘pgina sir-sinoatli an’analarda yurak ilohiy kuchlar bilan bog‘lanishning kaliti hisoblanadi. Ehtimol, miyadan ham ko‘ra, ko‘proq yurakda shunday “tasavvuriy idrok borki, bu bilim va muhabbat uyg‘unligida namoyon bo‘lib, dunyoni o‘zgartirish qudratini bag‘riga jo etgan... San’at insonlarning dunyoni yaratishdagi ishtirokini – so‘zlarimiz, fikrlarimiz va amallarimizning ta’sirini, shuningdek, atrof-muhit bizni qanday shakllantirishi va biz uni qanday shakllantirishimizni anglashga yordam beradi” 2. Yurak sezgirligi sharofati bilan biz uning darzlarini chuqur his etamiz. Bugungi kunda tevarak-atrofimizni ekologik falokatlardan tortib, ijtimoiy mojarolar va qutblanishgacha bo‘lgan yurak xastaliklari qurshab olgan. Har qanday jarohat singari yurakdagi darzlar ham o‘zgarish uchun dinamik makon bo‘lishi mumkin. Bu biz uchun eng katta saboqlardan biri: ham shaxsiy, ham jamoaviy his qilinishi mumkin tajriba bo‘lib, insonni barcha zamon va makonlar bilan, ayniqsa, ijodiy ifoda orqali bog‘laydi.
Yurak a’zosining yaratuvchanlik qudrati X asr Buxorosiga nazar tashlaganimizda, ayniqsa, betakrorligi bilan ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Bu zamon va makon bizga yurak jarohatlarini davolashning bir qancha usullarini taqdim etishi mumkin. Chunki bu asrda zamonaviy tibbiyotning otasi sifatida tanilibgina qolmay, ilm-fan va falsafaga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk qomusiy olim Ibn Sino aynan Buxoroda yashagan. Markaziy Osiyoning yuragida – bugungi O‘zbekiston hududida joylashgan Buxoro Buyuk Ipak yo‘lidagi ilmiy va iqtisodiy markazlardan biri sifatida tanilgan. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan diniy va madaniy an’analar tutashib, ta’lim, hunarmandchilik va badiiy ijod rivojlangan maskan bo‘lgan. O‘lkaning aql-zakovatga, teran tafakkurlarga to‘laligi Ibn Sino va yana bir buyuk qomusiy olim – Beruniy o‘rtasidagi yozishmalarda o‘z aksini topgan. Shuningdek, keyingi asrlarda bu tuproqda yashagan ulug‘ so‘fiylarning asarlarida ham bu ta’kidlangan. Ming yillardan buyon Buxoro insonlar ma’naviy, aqliy va dunyoviy bilim orqali yaxshiroq hayot sari intilish yo‘lida birlashadigan, onglar-u qalblar yaqinlashadigan muqaddas makon bo‘lib qolmoqda. 3
Buxoroda ko‘plab muqaddas tasavvuf ziyoratgohlari mavjud bo‘lib, ular nafaqat ibodat manzili, balki qalb va ongni tarbiyalaydigan ma’naviy maskan vazifasini ham o‘taydi. Bular orasida so‘fiylik yo‘lida yetuklikka erishgan ayollarga bag‘ishlangan ziyoratgohlar ham bor. Ularning ta’limoti va merosi Buxoroning ma’naviy manzarasini boyitib, ziyoratchilarga ruhiy jarohatlarni davolashga va qalblarini yoshartirish imkonini beradi. 4
Ko‘hna shahar, shuningdek, o‘zining mohir hunarmandlari bilan ham mashhur. Shoirlar ularni ko‘pincha ishq-muhabbat mavzusidagi qisqa she’rlarida tarannum etgan. 5
Buxorolik hunarmandlar yaratgan go‘zallik va ulug‘vorlik durdonalari asrlar davomida shoirlar-u sayyohlarni hayratga solgan hamda azim shahar hayotidagi bu davrnining bugungi kungacha e’zozlab kelinayotgan ma’naviy yodgorlikka aylanishiga hissa qo‘shgan. 6
Bu kent xom g‘ishtdan qurilgan. Ibn Sinoning “Sharqliklar falsafasi” (bugungi kungacha to‘liq saqlanib qolmagan) asarida yozilishicha, tabiat kuchlariga qarshi turadigan tosh shaharlardan farqli o‘laroq, Buxoro kabi loydan bunyod etilgan shaharlar yaratilishining o‘zidayoq o‘zlarini tabiatning bir qismi sifatida qabul qiladi. Mazkur ta’rif Buxoroning yuz yillar davomida bosib o‘tgan yo‘liga to‘la mos keladi: zardushtiy va buddaviy So‘g‘d shahar-davlatidan tortib, turkiy-mo‘g‘ul sulolalar poytaxti-yu, so‘fiy avliyolar maskanigacha bo‘lgan tarixiy bosqichlarda Buxoro turli voqealarga guvoh bo‘lgan. Shahar doimiy ravishda etnik, diniy va madaniy o‘zliklar orasidan murakkab tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan. Bu esa tarixiy shaharni tadqiqot hamda tafakkur uchun o‘ziga xos betakror manbaga aylantiradi.
Neyrologiya bizga miyaning go‘zallikka qanday munosabatda bo‘lishini va bu holat his-tuyg‘ularimizga qanday ta’sir qilishini ochib beradi. Qizig‘i shundaki, Ibn Sino hali bu fanning nomi ham bo‘lmagan zamonda Buxoroda shu mavzuni chuqur o‘rganib chiqqan. U jismoniy salomatlikka qanday e’tibor bergan bo‘lsa, ruhiy va hissiy holatni saqlash masalasiga ham shunchalik jiddiy yondashgan. Buyrak toshlari, yallig‘lanish, uyqusizlik, va hatto muhabbat dardi singari kasalliklarga ham tashxis qo‘yib, ularni davolash choralarini ko‘rgan. Markaziy Osiyoning aksariyat davlatida guruchdan tayyorlanadigan milliy taom – palov haqida ko‘plap rivoyatlar bor. Xususan, o‘zbek oshxonasining bu asosiy taomlaridan biri to‘g‘risidagi hikoyalardan biriga ko‘ra, Ibn Sino palovni hunarmandning qiziga uylana olmagan shahzodaning tilka-pora bo‘lgan qalbini davolash uchun o‘ylab topgan. Palov bir vaqtning o‘zida ham taom, ham malham bo‘lgan, qadimgi qo‘lyozmalarda u ayrim xastaliklarga davo ekani xususida ma’lumotlar bor. Bugungi ilmiy qarashlar ham shuni tasdiqlaydiki, palovni iste’mol qilganda inson miyasida dofamin gormoni sezilarli darajada oshadi. Buning ortidan yaqinlik, hissiy iliqlik, diydorlashish kabi holatlarda kuzatiladigan quvonch hissiga o‘xshash tuyg‘ular uyg‘onadi.
Yigirma yildan ko‘proq vaqt davomida baxt tushunchasini o‘rgangan Nobel mukofoti sovrindori, xulq-atvor bo‘yicha iqtisodchi Daniel Kaneman do‘stlar davrasida ovqatlanishni hissiy farovonligimizga kuchli ijobiy ta’sir etuvchi omillardan biri sifatida ko‘rsatadi. Retseptlar faqatgina oziq-ovqat tayyorlash usullari emas, balki dori-darmon, g‘amxo‘rlik hamda xotiralarni kelajakka uzatish demakdir. Ular orqali biz mehr-muhabbatimizni ifoda etamiz, o‘zlik va daxldorlik hislarini tashuvchi xotiralarni saqlab qolamiz. Ovqatlanish va sog‘ayish o‘rtasidagi bog‘liqlikni restoran so‘zining etimologiyasida ham ko‘rish mumkin. Bu so‘z fransuzcha restaurer (tiklamoq) fe’lidan olingan bo‘lib, XVIII asrda Parijda asosan sog‘lomlashtirish maqsadida sho‘rva va bulyonlar beriladigan maskanlarga nisbatan ishlatilgan.
Biz Buxoro bag‘rida ko‘plab benazir “retseptlar” – bebaho madaniy tajribalar, ilhom va shifo manbalari yashiringaniga aminmiz. Buxoro biyennalesi bugungi kunda munosib e’zozlanayotgan madaniyatni rivojlantirishda muhim rol o‘ynayotgan, hayratomuz tarixiy maskanlarni qayta jonlantirish hamda ularni shahar madaniy hayotiga qaytarish bo‘yicha uzoq muddatli jarayonning bir qismidir. Biyennaleni yaratish jarayoni shaharning me’moriy merosini restavratsiya va muhofaza qilish ishlarini zamonaviy san’at bilan uyg‘unlashtiradi, bu esa ko‘hna kentni o‘z tarixiy ildizlari bilan birga ijodiy kelajak sari yetaklaydi.
Birdamlikning turli shakllarini o‘rganib, go‘zallikning ruhiy va hissiy salomatlikdagi o‘rnini e’tirof etgan “Qalblar dardiga darmon” ko‘rgazmasi Buxoro hududida marjondek sochilgan, o‘zining boy tarixiy xotirasini asragan holda zamonaviy hayotga moslashtirilgan maskanlarda tashkil etiladigan kengaytirilgan san’at va madaniyat bayramidir. Mazkur ko‘rgazma Temuriylar saltanatidagi XIV asr bayramlarini yodga soladi: bu bayramlar uch oylab davom etib, san’at, musiqa, she’riyat, raqs va, albatta, taomlarning mo‘lligi bilan ajralib turgan. 7 “Qalblar dardiga darmon” vizual taassurotlarni to‘ldiruvchi barcha sezgi qatlamlarida ishlaydi va oshpaz Ferran Adria ta’biri bilan aytganda, bu ulug‘ ziyofatlar – ehtimol, tarixdagi ilk san’at kompozitsiyalaridan biri bo‘lgan – an’analardan ilhom oladi. 8
O‘zbekiston va dunyoning turli burchaklaridagi diydorlashuv qadriyatlaridan ilhom olgan holda, “Qalblar dardiga darmon” barcha uchun ochiq va bepul forum sifatida tashkil etilgan. Ushbu tashabbus san’atning birlashtiruvchi qudratiga tayanib, turli madaniy ildizlarga mansub insonlar o‘rtasida samimiy rishtalar bog‘lashga hissa qo‘shadi. Ishtirokchilik va hamkorlikka asoslangan muhofizlik jarayoni tasviriy san’at, hunarmandchilik, pazandachilik, ovoz, dizayn va moda sohalari bo‘yicha ijodkorlarni, shuningdek, tashrif buyuruvchilarni ramziy ma’noda stolga yoki Buxoroga xos tarzda dasturxon atrofiga biror narsa olib kelishga chorlaydi. Bu jarayonda ko‘hna shaharda dunyoga kelgan, qalblarga malham bo‘luvchi turfa ijodiy va madaniy ifodalar to‘plami yaratiladi.
Madaniyatni tom ma’noda vaqt ichida birga yashash tajribasi sifatida tasvirlash mumkin. Vaqt zadalangan yurakni davolashdagi muhim tarkibiy qismdir. U shuningdek, o‘zbek taomlarini pishirishda va Buxoroga xos, ayniqsa, mashhur gilamchilik san’atida muhim ahamiyatga ega. Vaqtni his qilish qiyin, ammo uning ta’mini issiqqina, mazali palovda, achitilgan sharobga o‘xshash ichimlikda yoki turli tuzlamalarda aniq his qilish mumkin. Xasta yuraklarni davolash – murakkab jarayon. “Qalblar dardiga darmon” ko‘rgazmasi esa aynan jarayonlarga asoslangan, u jamoatchilik bilan hamkorlikda, boy va shaffof ta’lim dasturlari ko‘magida yaratilgan asarlar orqali bu tushunchani yoritadi. Bu ko‘rgazma qalbimizni yumshatish va ochishga jur’at qilganimizda hayotdan nimalarni o‘rganishimiz mumkinligini ko‘rsatadi.
“Qalblar dardiga darmon” ko‘rgazmasiga taqdim etilgan asarlarning aksariyati uzoq vaqt davomida yaratilgan bo‘lib, unda video, musiqa va ijro kabi vositalarga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bois, ko‘rgazma vaqtni san’at bilan har qanday chuqur va mazmunli qorishuvdagi asosiy unsur sifatida ko‘rsatadi. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi buyurtmasiga asosan maxsus tayyorlangan bu badiiy asarlar Buxoroning boy intellektual, ma’naviy va madaniy merosidan ilhomlangan. Ko‘rgazma bu zamin bag‘rida asrlar davomida yaratilgan ko‘plab bilim shakllarini, xususan, hunarmandchilik an’analarini qayta jonlantirish hamda qadim donishmandlikni zamonaviy qadriyatlar bilan uzviy bog‘lashga intiladi. “Qalblar dardiga darmon” kitobi tasviriy va amaliy san’atga yondashuvlarimiz orasidagi adolatsiz tafovutlarni bartaraf etish, shu bilan birga, hamkorlik haqidagi tasavvurlarimizni “davolash”ga urinadi. XX asrdagi beqarorliklar ko‘plab madaniy qatlamlarning boy berilishiga sabab bo‘ldi. Shunga qaramay, jamoa, birlashma va boshqa rasmiy yoki norasmiy uyushmalar shaklida faoliyat yuritgan o‘zbekistonlik ayollar va hunarmandlar ko‘pincha an’analar, bilim va ma’naviyatni og‘ir tarixiy sinovlardan eson-omon olib o‘tishning uddasidan chiqishgan.
Buxoro biyennalesining ilk nashri ko‘rgazmaning jonli va muloqotga ochiq shakli sifatida tasavvur qilingan. Bu yerda tashrif buyuruvchilarning ichki energiyasi rassomlarniki bilan ijobiy ma’noda to‘qnashadi. Ziyofat, konsert yoki boshqa tantanalardagi singari, sizning Buxorodagi ko‘rgazmadan oladigan tajribangiz shu makon va shu vaqtni baham ko‘rayotgan insonlar bilan qanday munosabat o‘rnatishingizga bog‘liq. Shuningdek, biz oshpazlik san’atini ham markaziy o‘ringa qo‘yamiz. O‘zbek va xorijiy oshpazlarning turli madaniyatlaridan bahramand bo‘lib, pazandalik hunarini san’at darajasida namoyish etishga chorlab qolamiz. Buxoro o‘zining jahon ziravorlar savdosi bilan bog‘liq boy tarixidan ilhomlanib, xilma-xil ta’mlar orqali ishtirokchilarni dunyoning murakkabligini anglashga va achchiq ta’mlarni tuz bilan me’yorlashtiradigan retseptlarni tatib ko‘rishga taklif etadi. “Qalblar dardiga darmon” bu – kichik imo-ishoralar orqali ham buyuk o‘zgarishlarga turtki berishdir. Masalan, kimningdir qalbini nurga to‘ldirish, unga taskin va dalda berish qobiliyatimizni ulug‘laydi. XV asrda Temuriy shahzoda tomonidan uyushtirilgan ziyofatni tasvirlar ekan, ulug‘ bobokalonimiz, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy shunday yozgan: Xunyogar-u nag‘masoz Nohid, Lekin daf aning qo‘lida xurshed. 9 Navoiy ta’riflagan ziyofat singari, “Qalblar dardiga darmon” kitobi ham bizni ko‘z ilg‘amas, ammo qalb qo‘ri his etadigan ilohiy kuchlar bilan bog‘lovchi fazoviy rishtalarni madh etadi. Ushbu ko‘rgazma bizni sayyoradagi turfa hayot shakllariga hamroh bo‘lishga ilhomlantiradi, har bir qalb yengil tortadigan, har bir qorin to‘q bo‘lgan xurram dunyoni tasavvur qilish uchun kuch bag‘ishlaydi.