Chiptalar

 

Tadbirda qatnashish mutlaqo bepul.

Yo‘nalishlar

Havo yo‘llari orqali 

Buxoroga eng qulay yo‘l – bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri Buxoro xalqaro aeroporti (BHK) orqali parvoz qilishdir. Aeroport shaharning markaziy qismidan taxminan 6 km uzoqlikda joylashgan.

📍Manzil: Buxoro viloyati Kogon tumani
To‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar: Toshkent, Moskva, Istanbul va Markaziy Osiyoning boshqa shaharlaridan.

Muqobil yo'nalish: Toshkent xalqaro aeroportidan (TAS) ichki reys orqali Buxoroga parvoz qilishingiz mumkin.
Parvoz vaqti: taxminan 1 soat
Reyslar odatda haftaning muayyan kunlarida (chorshanba va shanba) amalga oshiriladi — odatda soat 07:00 da uchib, 08:10 da yetib boradi.

Bundan tashqari, Silk Avia aviakompaniyasi yo‘lovchilar uchun Toshkent va Buxoro o‘rtasida har kuni muntazam reyslarni amalga oshiradi.

Aeroportdan biyennale hududigacha taksi yoki Yandex ilovasi orqali 15 daqiqada yetib borishingiz mumkin.
Chiptalarni Uzbekistan Airways rasmiy sayti — uzairways.com orqali xarid qilish mumkin.

 

Temir yo‘l orqali

Toshkentdan Buxoroga Afrosiyob va Sharq tezyurar va mintaqaviy poyezdlari har kuni qatnaydi.
Yo‘l vaqti: 3.5 soatdan 6 soatgacha (poyezd turiga bog‘liq)

Jo‘nash manzili: Toshkent Markaziy vokzali (Toshkent-1)
📍Manzil: Turkiston ko‘chasi 7, Mirobod tumani, Toshkent, 100060
Yetib boriladigan manzil: Buxoro-1 (Kogon shahri)
📍Manzil: Kogon shahri, Buxoro viloyati

Vokzaldan biyennale hududigacha taksi yoki avtobus orqali 15–20 daqiqalik yo‘l.
Amaldagi temir yo'l qatnovlari va jadvallarga oid ma’lumotlar bilan railway.uz veb-saytida tanishish mumkin.

 

Avtobus orqali

Toshkent va Buxoro orasida muntazam ravishda uzoq masofali avtobuslar qatnaydi.
Yo‘l vaqti: 8–10 soat

Jo‘nash manzili: Toshkent avtovokzali
📍Manzil: Bunyodkor shohko‘chasi 7, Chilonzor tumani, Toshkent
Yetib kelish manzili: Buxoro markaziy avtovokzali
📍Manzil: Buxoro shahri, G‘ijduvon yo‘li 

Avtovokzaldan biyennale hududigacha taksi orqali 10 daqiqalik yo‘l.
Avtobus chiptalarini avtoticket.uz sayti orqali oldindan xarid qilish mumkin.

Umumiy ma’lumot

Ko‘rgazma obyektlari va dasturi

Davomiyligi: 2025-yil 5-sentabrdan – 23-noyabrgacha (80 kun davom etadi).

Ish vaqti:
Ko‘rgazma obyektlari seshanbadan yakshanbagacha ochiq:
– sentyabr oyida: 10:00 dan 22:00 gacha
– oktyabr va noyabr oylarida: 10:00 dan 20:00 gacha

Ko‘cha va boshqa yil davomida ochiq bo‘lgan jamoat hududlarida joylashgan san’at asarlarini istalgan vaqtda erkin tomosha qilish mumkin.

Jamoat joylari

Biyennalening Madaniy hududi Buxoroning Eski shahridagi zamonaviy hayotni shakllantirgan uzoq yillik tarixiy davrlarni o‘zida mujassam etadi. Biyennale XVI asrga oid yopiq savdo inshootlarining noyob namunalaridan biri Toqi Sarrafondan boshlanadi. Bu savdo gumbazi ilgari hind va yahudiy savdogarlari qo‘l ostidagi pul ayirboshlash markazi bo‘lgan. Butun biyennale hududi qadimiy Shohrud kanali yo‘nalishidan boradi. Kanal bir vaqtlar Zarafshon daryosidan shaharga suv keltirilgan murakkab hovuzlar tizimi orqali ishlagan. Bugungi kunda ulardan faqat bir nechtasi saqlanib qolgan. Shulardan eng muhtashami Xo‘ja Gavkushon majmuasi qarshisida joylashgan bo‘lib, u XVI asrga oid bunday jamoat maydonlarining Markaziy Osiyodagi eng yaxshi saqlangan namunasi hisoblanadi. Mazkur maydon biyennalening ijtimoiy hayotidagi markaz sanalib, mehmonlar va ishtirokchilar uchun jonli uchrashuv nuqtasi vazifasini o‘taydi.

“Qalblar dardiga darmon” ko‘rgazmasi 500 metrlik jamoat maydonida o‘n hafta davomida namoyish etiladigan 70 dan ortiq loyihani o‘z ichiga oladi. Bu asarlar ko‘rgazmaning barcha manzillarini bog‘lab turadi va Buxoroda yashab, shu yerda ijod qilayotgan qo‘shnilar bilan mehmonlar o‘rtasida bog‘liqlikni yuzaga keltirishga qaratilgan. Yo‘nalish ko‘plab hunarmandlar, ayniqsa, kashtado‘z va zardo‘zlar istiqomat qiladigan mahalla ko‘chalaridan o‘tadi. Bu asarlar his etish, taskin topish, dam olish, umid va orzu qilish uchun munosib makonni yuzaga keltiradi. Ular ayni shu muhitda, Buxoroning kundalik hayot tarziga singib ketgan holda yaratilgan, sun’iy tarzda ajratib qo‘yilmagan.  Yurakning tilka-pora bo‘lishi aksariyat hollarda romantik bo‘lmaydi va u ko‘pincha ikki kishi bilan cheklanmaydi. Biyennale qalb og‘rig‘i haqida emas, uni davolovchi retseptlarga bag‘ishlanadi. Shifo ham retseptlar kabi turg‘un emas, ular o‘zgaruvchan, hayotiydir. Bolaligimizda bizni hayratga solgan, tasavvurimizni uyg‘otgan sehrli tuyg‘ulardan ilhomlanib, bir-birimizni davolash uchun yangi malhamlar ixtiro qilishimiz mumkin. Bu ko‘rgazma yakka tarzda tomosha qilinmaydi, aksincha, bir-birimiz uchun mavjud bo‘lishimiz mumkin imkoniyatlarni rag‘batlantiruvchi, hamjihatlik ruhini ulug‘laydigan tadbirdir.

 

 

Karvonsaroylar

To‘rtta o‘zaro bog‘langan karvonsaroy – Fathullajon, Ayozjon, Ahmadjon va Mirzo Ulug‘bek Tamakifurush XVIII–XIX asrlarga oid bo‘lib, ularning har biri sayohatchi savdogarlar uchun turarjoy bo‘lish bilan birga, idish-tovoq va mahalliy tamaki savdosiga ixtisoslashgan savdo markazi vazifasini bajargan. Bu inshootlar tipologiyasida markaziy hovlini o‘rab turgan kichik xonalar – hujralar, eshaklar uchun mo‘ljallangan burchaklar hamda otxonalar bor edi. 

Dastlabki vazifasidan keyin karvonsaroylar XX asrda uy-joy sifatida qayta moslashtirildi. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular qarovsiz qolib, ko‘pchiligi xarobaga aylandi. 2000-yillar boshida Fathullajon va Ayozjon karvonsaroylari qayta tiklandi, Ahmadjon va Mirzo Ulug‘bek Tamakifurush esa hozirgacha ta’mirtalabligicha qolmoqda. Aytish kerakki, oxirgisining markazida chuqurlik qazilgan, u avval mahsulotlarni saqlash uchun xizmat qilgan yerto‘la bo‘lgan.

Biz karvonsaroylarga yurak ramzi orqali kirib, bir-biriga tutashgan hujralar bo‘ylab sayohat qilamiz. Bu jarayonda hayot safaridagi bir yoki bir necha to‘xtash nuqtasi aslida yurak og‘rig‘i ekanini tushunib yetamiz. Mazkur joy biyennalening eng keng geografik qamrovdagi ishtirokchilari – Afg‘onistondan Avstraliyagacha, Braziliyadan Bangladeshgacha, Senegaldan Janubiy Koreyagacha bo‘lgan rassomlarni bir joyga to‘plagan. Ha, bu Buxoroning asrlar davomida madaniy almashinuv markazi sifatidagi o‘rni va ahamiyatini yana bir bor namoyon etadi. 

Loyiha Ibn Sino timsoliga murojaat etar ekan, nafaqat shahzodani, balki hunarmandni ham qanday davolash mumkinligini o‘rganadi. Negaki Buxoro boshqa ko‘plab jamiyatlar singari yurakdagi og‘riqlardan, ya’ni xarobalardan bosh ko‘targan shahar. U tinchlik uchun retseptlar taqdim etadi. Bu shuni anglatadiki, agar birgalikda yaratsak, o‘zaro farqlar bilan ham yashay olishimiz mumkin. Sotsiolog Gargi Bhattacharyya ta’biri bilan aytganda: “Agar yurak xastaligi yengilishi kerak bo‘lgan dard emas, oldinga yurishimizga sabab bo‘ladigan kuch bo‘lsa-chi?”

 

 

 

“Govkushon” madrasasi

"Govkushon" madrasasi 1570-yilda qurilgan bo‘lib, an’anaviy hovli tarhi ko‘cha bo‘linishida trapetsiya shaklidagi noodatiy hududga moslashtirilgan. Shayx Xoja Said – Xoja Kalon nomi bilan tanilgan madrasa bo‘lib, uning sharafiga nomlangan yirik majmuaning bir qismini tashkil etadi. “Gavkushon” nomi qushxona ma’nosini anglatib, bu joydan ilgari mol bozori yoki qassoblarning ish joyi sifatida foydalanilganini ko‘rsatadi. 30 dan ortiq xona, kutubxona va katta namozxonaga ega madrasa XX asrda uy-joy va hunarmandchilik maktabiga aylantirilgunga qadar, asrlar davomida ta’lim markazi bo‘lib kelgan. 

O‘rganganlarimizdan emas, balki his-tuyg‘ularimizdan o‘rganishga mo‘ljallangan muhitni mustahkamlab turgan ko‘rgazmali to‘rtta ulug‘vor tut daraxti tarixiy muhitga noziklik bag‘ishlaydi. U qalblarimizni sarosimaga solmasdan, qiyinchiliklarga qarshi turishni o‘rgatadigan maskan – Sakinat uyiga aylanadi. Bag‘dodning mashhur “Donishmandlar uyi” dan ilhomlanib, bu joy ham dunyoning turli nuqtalaridan kelgan mutaxassislar va ijodkorlar uchun fanlararo suhbatlar va ijodiy hamkorliklarga mezbonlik qiladi. Sakinat uyi bir vaqtning o‘zida kutubxona, choyxona, she’riyat boʻstoni, hunarmandlar oshiyoni, sinfxona va ko‘rgazma makoni bo‘lib xizmat qiladi. 

U an’anaviy sahnadagi o‘qituvchi va qatorlarda o‘tirgan o‘quvchilar tartibiga muxolif tarzda, bilim yig‘ilganlarning har biri o‘rtasida erkin oqadigan ochiq maydonni yaratadi. Unda hayot davomida o‘rganishga undovchi, avloddan-avlodga o‘tadigan bilim safarini kengaytirish maqsadida Butunjahon bolalar kutubxonasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Fors shoiri Shams Tabriziy so‘zlari bilan aytganda: “Sen o‘qib o‘rganasan, ammo faqat muhabbat bilangina tushunasan”. 

“Xo‘ja Kalon” masjidi

1598-yilda qurilgan Xo‘ja Kalon masjidi Poyi Kalon majmuasidan keyin Buxorodagi ikkinchi yirik masjid hisoblanadi. Uning tashqi koʻrinishi shakllanishida ham aynan shu majmuadan andaza olingan. Xo‘ja Kalon Gavkushon majmuasining bir qismi bo‘lib, u naqshbandiya so‘fiylik tariqatining taniqli namoyandasi va Buxoro suv tizimiga mas’ul boʻlgan taniqli siyosiy arbob Xo‘ja Kalon, ya’ni (“buyuk Xo‘ja”) nomi bilan tanilgan Shayx Xo‘ja Said tomonidan bunyod etilgan. Masjid atrofi gumbazli ayvonlar bilan o‘ralgan boʻlib, keng to‘rtburchak hovli va katta gumbazli xonaqohga ega bo‘lgan. Inshootning aksariyati XX asrda buzilgan, soʻngra omborxona sifatida qayta qurilgan. Bugungacha undan faqat minora asl xolicha saqlanib qolgan. 1990-yillarda uning old qismi qayta ta’mirlangan, ammo binoning ko‘p qismi vayronaligicha qolmoqda.

Tabobat bir zamonlar san’at turi deb qaralgan bo‘lsa, bugungi kunda u fan hisoblanadi. Ayni paytda fan shuni ko‘rsatadiki, psixolog Dacher Keltner tomonidan ta’riflangan hayrat, insonning hozirgi dunyo haqidagi tushunchasidan ham yuqori turadigan ulugʻroq kimsa huzurida bo‘lish hissi, farovonlik tuyg‘usini tuyish juda muhim. San’atda kasallik va shifo inson idrokini o‘zgartiradi. 

Xo‘ja Kalondagi joy va san’at asarlari biz bugun yashayotgan dunyoning beshafqatligi, uning sinovlarini ruhan yengib o‘tishimiz mumkinligini his qiladigan makonni yaratishga intiladi. Bu yerdagi barcha loyihalar bizni ona qornidan to qabrgacha ushlab turuvchi yerning hayotbaxsh qudrati bilan bog‘laydi. Hozirda ta’mirlash ishlari olib borilayotgan joyda joylashgan “Qalblar dardiga darmon”ning ushbu bobi bizni tashqi olamni o‘zimiz va kelajak avlodlar uchun o‘zgartirish uchun ichki dunyomizni qanday o‘zgartirishimiz o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ko‘rib chiqishga da’vat etadi.

 

Rashid madrasasi

Rashid madrasasi biyennalening so‘nggi maskani bo‘lib, u Buxorodagi Eski shaharning go‘zal hududida, Shohrud kanali yaqinida joylashgan. Bu yerda ko‘plab hunarmandlar yaqin-atrofdagi ko‘chalarda istiqomat qiladi, hudud bir paytlar kashtado‘zlar mahallasi sifatida tanilgan. XVIII-XIX asrlarda tadbirkorligi ortidan boyib ketgan afg‘on choy savdogari Abdurashid (Rashid) tomonidan qurilgan madrasa darsxonalar, namozxona va talabalar uchun turarjoy xonalaridan iborat edi. XX asrga kelib esa u yopildi. Bora-bora u turarjoy, keyinchalik esa omborxona va maishiy texnika ta’mirlash ustaxonasi sifatida foydalanildi.

Shifo topish bu – mehnat talab qiladigan tiklanish jarayonidir. Biz muammolarni hal etish va keyingi bosqichga o‘tish uchun ularni chuqur o‘rganishimiz kerak. Yurak og‘rig‘i bitta dori bilan davolanmaydi, u butun boshli vositalar to‘plamini talab qiladi. Rashid madrasasi bizga zarur bo‘lgan anjomlarni taqdim etuvchi san’at asarlarini namoyish etadi: bu vositalar orqali biz kechinmalarni qayta idrok etish, motam tutish, xotirlash, pirovardida tushkunlikdan xalos bo‘lish yo‘llarini topamiz. 

Ularning ba’zilari ifodali – ko‘nglimizda saqlab turgan hislarimizni yuzaga chiqarishga imkon beruvchi hazil, nafas olish uchun imkoniyat yaratadigan kulgi kabi. Boshqalari ijtimoiy bo‘lib, bizni o‘zimiz va atrofdagilar bilan qayta bog‘laydi. Yana ba’zilari ramziy ma’noga ega, masalan, motam marosimlari shaklsiz narsalarga shakl beradi, tushunib bo‘lmaydiganni birdan tushunarli qiladi.

 

Buxorodagi Al Musalla

“Diriyah Biennale” jamg‘armasi tomonidan ta’sis etilgan “AlMusalla mukofoti” xalqaro arxitektura tanlovidir. Bu tanlov Musalla – ibodat va tafakkur qilish joyining dizaynini yaratish uchun o‘tkaziladi. U ilk bor 2025-yil yanvar oyida Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi Qirol Abdulaziz xalqaro aeroportining G‘arbiy Haj terminalida, ya’ni Islom san’ati biyennalesi hududida ochildi. 

Tanlovning birinchi g‘oliblari Livan va BAAda joylashgan “EAST Architecture Studio” jamoasi, Buyuk Britaniyadagi “AKT II” xalqaro muhandislik firmasi va Bayrut hamda San-Fransiskoda faoliyat yurituvchi rassom Rayyane Tabetdan iborat guruh bo‘ldi. Ular “AAU Anastas” (Falastin), “Sahel Al-Hiyari” (Iordaniya), “Dabbagh Architects” (Saudiya Arabistoni) va “Asif Khan” (Buyuk Britaniya) kabi me’morlar orasidan tanlab olindi. Tanlovning hakamlar hay’ati tarkibidan shahzoda Navaf Bin Ayyaf (rais), Farrux Deraxshoniy, Lina Gotmeh, Azra Akshamija va Ali Malkaviylardan tashkil topdi. Musallaning ochilishi 2025-yil 25-yanvarda Islom san’ati biyennalesining ikkinchi bosqichi boshlanishi bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tdi.

Diriyah biyennale jamg‘armasi tomonidan taqdim etildi

Tanlov shartlarida me’morlardan rassom va muhandisni o‘z ichiga olgan jamoalar tuzish, hamkorlikda musulmon va boshqa mehmonlarni kutib oladigan ko‘p qirrali, modulli ibodat joyi – Musallani loyihalash talab qilingan. Shartlarda inshoot namoz o‘qish uchun barcha talablarga javob berishi, maydoni kamida 150 kvadrat metr bo‘lishi va qurilish usuli barqaror bo‘lishi lozimligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, inshootni qismlarga oson ajratish va qayta yig‘ish mumkinligi ta’kidlangan. Bu esa loyihaning Islom san’ati biyennalesidan tashqari davom etishi va meros qoldirishi uchun mo‘ljallangan.

“Diriyah Biyennale” jamg‘armasi 2025-yil yanvarda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tkazilgan Islom san’ati biyennalesida taqdim etilgan va hozirda “ACWA Power” hamda “Vision Invest” kompaniyalari beg‘araz homiyligida Buxoroning tarixiy markazida namoyish etilayotgan Al Musallaning birinchi namoyishini taqdim etishdan mamnun.

 

“Pop-Up” kutubxonasi

Respublika bolalar kutubxonasi biyenalle hududiga tutash tarixiy mahallada joylashgan sobiq masjidda “pop-up” mutolaa maydonini ochdi. O‘n to‘qqizinchi asrda qurilgan Pochako‘l Xo‘ja masjidi bir paytlar hunarmandlar jamoasining mahalliy ibodat maskani bo‘lgan. Hozirda bu joy asosan bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan mutolaa maydoni vazifasini o‘tamoqda va barcha yoshdagi kitobxonlarga muntazir.

“Oshqozon” kafesi

“Oshqozon” kafesi o‘z nomini o‘zbekcha “oshqozon” yoki “ovqat pishirish idishi” ma’nosidagi so‘zdan olgan. Bunda biyennale go‘yo umumiy taomlar bilan oziqlanadigan tirik tanaga qiyoslanadi. Ibn Sinoning jismoniy va ruhiy shifo retseptlaridan ilhom olgan holda, xalqaro va o‘zbek oshpazlari qalblar dardiga darmon bo‘lish uchun yangi taomlar o‘ylab topmoqda. Har birining o‘ziga xos hikoyasi bor yangi menyularni taklif etmoqda. Mehmonlar Buxoroning jahon miqyosidagi ziravorlar savdosi markazi sifatidagi tarixini aks ettirgan taomlarni tatib ko‘rishga taklif etiladi. Taomlanish orasida ma’ruzalar, ustaxonalar tomoshasi va suhbatlar bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekistonga chuqur mehmondo‘stlik madaniyati xos. Bu o‘lkada taom g‘amxo‘rlikning asosiy vositasi sanaladi. Muhofizlik yondashuvi bilan yaratilgan bu restoran taom tayyorlash va ovqatlanishni shunchaki mazali jarayon  yoki oziqa manbayidan ham ustun deb biladi. Bu bog‘lanish, mulohaza yuritish va shifo topish vositasiga aylanadi. Ovqatlanish hamda tiklanish o‘rtasidagi bog‘liqlik necha-necha asrlarga borib taqaladi. “Restoran” so‘zi fransuzcha restaurer so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “tiklash” degan ma’noni anglatadi va dastlab o‘n sakkizinchi asrda Parijda kuch-quvvatni tiklash uchun sho‘rva beriladigan joylarni ifodalagan. Mavlono Rumiy taom tayyorlashni ma’naviy o‘sish uchun metafora sifatida qo‘llagan. Qalbni muhabbat va sog‘inch olovida yumshatilgan no‘xatga o‘xshatgan. “Oshqozon” kafesida taom g‘amxo‘rlik, madaniyat va o‘zgarishlar orasidagi bog‘liqlikni izlash kalitiga aylanadi. Eng oddiy masalliqlar ham ko‘p asrlik ko‘chishlar tarixi bilan sug‘orilganini, biz bir dasturxon atrofida o‘tirib, dunyoning har tomonini yanada yaqinlashtirish mumkinligini eslatadi.

Buxoro xalqaro aeroporti

Buxoroda temir yo‘l vokzali