Buxoro istiqboliga nigoh
Gayane Umerova
Buxoro biyennalesi bosh tashkilotchisi
Buxoro ikki ming yildan ortiq davr mobaynida madaniyat, ilm-ma’rifat va hunarmandchilik chorrahasi bo‘lib, hamisha inson tasavvurini junbishga keltirib kelgan. O‘zbekistonning ilk marotaba shu diyorda xalqaro san’at biyennalesiga mezbonlik qilishi o‘tmishga emas, balki kelajakka nazar tashlashidan iboratdir. Ushbu ko‘hna shahar o‘zining jonli an’analari va jo‘shqin jamoalari bilan yana jahon madaniy sahnasiga qadam qo‘ymoqda.
Buxoro biyennalesi keng ko‘lamli milliy g‘oyani o‘zida aks ettiradi, ya’ni u merosni moziyga muhrlangan xotira sifatida emas, balki ijodkorona kelajak uchun zamin sifatida qayta tiklashdir. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasida biz tarixiy dargohlarni zamonaviy ijod va jamoatchilik bilan muloqot maydoniga aylantirish maqsadida YUNESKOdan tortib “Wilmotte & Associés”gacha bo‘lgan jahon miqyosidagi yetakchi mutaxassislar bilan hamkorlik qilib kelmoqdamiz.
Diana Kempbell muhofizlik qilayotgan “Qalblar dardiga darmon” ko‘rgazmasi butun dunyo va mintaqadan tashrif buyuradigan san’at namoyandalarini O‘zbekiston hunarmand ustalari atrofida birlashtiradi. Shunisi e’tiborga molikki, har bir asar shu zamin —O‘zbekistonda yaratilgan bolib, ular mahalliy hunarmandchilik va yaqin hamkorlikning mangu kuchiga hurmat bajosi ekanligini anglatadi.
Bizning yaqinda tashkil etilgan Madaniyat guzarimiz “Mag‘oki Attori” masjidi va ko‘p asrlik karvonsaroylar kabi qayta ta’mirlangan diqqatga sazovor joylarni o‘z ichiga olib, ular me’mor Vael Al Avar tomonidan inklyuziv va barqaror makonlar sifatida qayta yanada ko‘rkamlashtirilgan. 2017-yilda ta’sis etilganidan buyon O‘zbekiston Madaniyat guzari jahon maydonida: Venetsiya va Parijdan tortib to London, Milan, Pekin kabi shaharlar sarhadlaridan tashqaridagi O‘zbekistonning madaniy ovozini baralla yangratishga bag‘ishlangan. Buxoro biyennalesi, bu Prezident Shavkat Mirziyoyev yetakchiligidagi va Saida Mirziyoyeva tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi, Orol madaniyat sammitidan tortib Tadao Ando tomonidan loyihalashtirilgan bo‘lajak O‘zbekiston Milliy muzeyigacha bo‘lgan umummilliy madaniy renessans sari tashlanadigan qadamlardan biri xolosdir.
Buxoro biyennalesi bu ijod safaridagi salmoqli palladir — bu shunday makonki, unda yoshlar o‘z akslarini ko‘radilar, mahalliy vakillar dunyo bilan diydorlashadi hamda meros istiqbol uchun ilhombaxsh bo‘ladi. Biz, ayniqsa, “EAST” me’morchilik studiyasi, “AKT II” va Rayyane Tabet tomonidan yaratilgan, “AlMusalla” mukofotiga sazovor bo‘lgan “On Weaving” qurilmasini taqdim etayotganimizdan faxrlanamiz. Bu xotira, me’morchilik va islomiy meros haqidagi go‘zal o‘y-mulohazalardir.
Buxoro biyennalesi yoshlar ovozi, meros va innovatsiyalar uchrashadigan maydon va minbardir. Bu yerda hikoyalar baham ko‘rishiladi, kelajak rejalari tuziladi hamda kreativlik tarannum etiladi.
Bu — faqat debocha. Davramizga qo‘shilgan barchaga rahmat. Endi sizlar o‘zgarishlarga yuz tutayotgan Buxoro tarixining bir qismisizdir.